14.04.2026

“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” — Italiyadagi xalqaro ko‘rgazma loyihasi

Taqdim etilgan ekspozitsiyadan so‘ng tashrif buyuruvchilar so‘nggi yillarning eng muhim xalqaro madaniy loyihalaridan biri — 2024 yilda Italiyada bo‘lib o‘tgan va Yevropa jamoatchiligi hamda professional doiralarda katta qiziqish uyg‘otgan “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Mazkur yirik ko‘rgazma loyihasi O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi madaniy muloqotning yorqin namunasi bo‘lib, o‘zida noyob san’at asarlari, tarixiy kontekst va zamonaviy kuratorlik yondashuvlarini mujassam etdi. Ekspozitsiyalar bir vaqtning o‘zida ikki shaharda — Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti hududida (2024 yil 8 sentyabrgacha) va Florensiyadagi mashhur Pitti saroyida tashkil etildi. Florensiyadagi “Yorug‘lik va rang” bo‘limi 2024 yil 16 apreldan 30 iyungacha davom etdi.

Loyiha O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi I. V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi kolleksiyalaridan olingan asarlarni birlashtirdi. Ularning ko‘pchiligi ilk bor xorijiy tomoshabinlarga namoyish etildi. Ko‘rgazma ikki asosiy bo‘limga — “Yorug‘lik va rang” (Florensiya) va “Shakl va ramz” (Venetsiya)ga ajratilib, davrning turli badiiy izlanishlari va estetik yo‘nalishlarini yoritib berdi.

Ekspozitsiyada O‘zbekiston hayoti va madaniyatidan ilhomlangan asarlar alohida o‘rin egalladi. Jumladan, Aleksandr Volkovning “Paxta” triptixi “oq oltin”ning yetishtirilishidan tortib, yig‘ib olish va tashishgacha bo‘lgan jarayonlarni ramziy tarzda aks ettirib, paxtaning mamlakat iqtisodiyoti va madaniy qiyofasidagi muhim o‘rnini ko‘rsatadi.

Ko‘rgazmaning muhim qismi rus avangardining yirik namoyandalari — Lyubov Popova va Vera Pestel asarlaridan iborat bo‘ldi. Ularning 1916 yilda yaratilgan asarlari suprematizm, futurizm va yangi badiiy izlanishlar ta’sirini yaqqol namoyon etadi. Shu sababli ular san’atshunoslar tomonidan “avangard amazonkalari” deb ataladi.

Ekspozitsiyaning yana bir noyob jihati — Vasiliy Lisenko asarlarining namoyish etilishi bo‘ldi. U o‘z davrining eng sirli rassomlaridan biri bo‘lib, Filonov va Malevich maktabi bilan bog‘liq. Uning juda kam sonli saqlanib qolgan asarlari orasida ko‘rgazmada taqdim etilganlari alohida badiiy va tarixiy ahamiyatga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Oganes Tatevosyan ijodi ham alohida e’tiborga sazovor. Uning “Meva rastasi” (1928) asari sharqona bozor muhitini, rang-baranglik, yorug‘lik va hayotiylikni yorqin tasvirlab beradi.

“ O‘zbekiston: Sahrodagi avangard ” ko‘rgazmasi nafaqat muhim madaniy voqea, balki O‘zbekistonning noyob badiiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi avangard hodisasiga yangicha nazar bilan qarash imkonini berib, Savitskiy muzeyi kolleksiyasining jahon miqyosidagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.